Oldinroq qo‘shiqchilikni tark etganligini e’lon qilgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov prezidentlik saylovlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qildi.

«Mening ham prezident bo‘lish niyatim bor va, albatta, bo‘laman, deb umid qilaman. Zotan, Qur’oni Karimda kimki nimaga intilsa, shunga erishadi, deyilgan. Prezident bo‘lishdan maqsadim shuki, o‘zbek xalqiga, O‘zbekistonga halol, O‘zbekistonni rivojlantirish uchun xizmat qilish», — deydi artist o‘z Instagram sahifasida.

«Albatta, bu gapim bilan men hozirgi davlat rahbarlariga hech qanday e’tiroz bildirmoqchi emasman, bunga haqqim yo‘q. Ular ham o‘zining qo‘ldan kelgancha harakatini qilishyapti. Bir narsaga erishish, albatta, oson bo‘lmaydi. Hammasiga omad tilayman!»

Jahongir Otajonov hozirda oilasi bilan chet elda ekanligini, yaqinda Toshkentga qaytishini aytgan.

«Aytmoqchi bo‘lganim, duo qilinglar, niyat qilinglar. Bu yilgi prezident saylovlariga qatnashish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, harakatini qilaman. Partiya qilish kerak bo‘lsa, qilaman. Mobodo, bu safar ulgurmasam, keyingi safar, albatta, bo‘laman», — deydi sobiq xonanda.

U jamoa tuzib, O‘zbekiston O‘rta Osiyodagi eng zo‘r davlatga aylantirishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2009 yil 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston saylov qonunchiligidan prezidentlik va deputatlikka nomzodlarni tashabbuskor saylovchilar guruhlari orqali ko‘rsatish tartibi chiqarib tashlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida O‘zbekiston xalqaro kuzatuvchilarning 2021 yilgi saylovni o‘tkazish bo‘yicha «bizga to‘g‘ri keladigan» tavsiyalarini qonunchilik va amaliyotga tadbiq etishda davom etishini ma’lum qilgan edi.

2021 yilda Markaziy saylov komissiyasini davlat byudjetidan moliyalashtirish 74 martaga ko‘paytirilgan — 4,1 mlrd so‘mdan 304,2 mlrd so‘mga. Moliyalashtirishning keskin oshishi, ehtimol prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.