Poytaxtning Chilonzor tumanida mikroavtobus piyodani urib yubordi. Bu haqda IIV YHXBB xabar berdi.

Unga ko‘ra, 19 yanvar kuni taxminan soat 09.15 larda Chilonzor tumani Baynalminal ko‘chasida («Charx Kamolon» mahallasi ro‘parasida) 36 yoshli Adil X. «Midibus SAZ/NP-37» rusumli avtobusni boshqarib ketayotganida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan 57 yoshli M.T.ni urib yuborgan.

Avtobusning (davlat raqami 01 B 829 BA) raqami va rangiga (oq) e’tibor berilsa, bu «Toshshahartransxizmat» avtoparklariga tegishli marshrutli avtobus emasligini tushunish mumkin.

Natijada tan jarohatlari olgan piyoda hodisa joyida vafot etgan. YTH sabablari aniqlanmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.