Muxolifatchi Aleksey Navalniy Germaniyadan Rossiyaga qaytayotgani haqida ma’lum qildi u o‘z Instagram sahifasida. U avgust oyida zaxarlanishdan so‘ng Germaniyaga olib ketilgan va «Sharite» klinikasida davolangan edi.

Uning aytishicha, u Moskva shahriga 17 yanvar kuni «Pobeda» reysi orqali qaytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oxirida Rossiya Tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyga nisbatan katta miqdorda firibgarlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilganligini e’lon qilgan edi. Ta’kidlanishicha, siyosatchi Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasiga xayriya sifatida yig‘ilgan 356 mln rubldan ortiq mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.

«Qaytish yoki qaytmaslik tanlovi meni hech qachon o‘ylantirmagan. Chunki men ketmaganman. Xushimga kelganda men Germaniyada edim, u ham bitta sababga ko‘ra: ular meni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi», — deb yozmoqda Navalniy.

12 yanvar kuni Jazolarni ijro etish bo‘yicha federal xizmat Moskva tuman sudiga Aleksey Navalniyning «Iv Roshe» ishi bo‘yicha shartli jazo muddatini haqiqiysiga almashtirish to‘g‘risida ariza yubordi. Bo‘lim buni siyosatchi shartli sudlangan shaxsning vazifalarini bajarmaganligi va jinoyat-ijroiya inspeksiyasi nazoratidan qochganligi bilan izohladi.