Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, 3 yanvar kuni soat 11:30 larda Namangan-Andijon yo‘lining 2 kmda «Nexia» rusumli avtomashinani Namangan shahar yo‘nalishida boshqarib ketayotgan haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketadi va o‘zining yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Cobalt» rusumli avtomashina bilan to‘qnashadi.

YTH natijasida, «Cobalt» haydovchisi olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan. Uning avtomashinasida bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi (haydovchining oila a’zolari) bosh miya yopiq shikasti, bosh miyani og‘ir darajada lat yeyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

«Nexia» haydovchisi ham tos suyagining sinishi tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Namangan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deyiladi xabarda.