“O‘zTTRM” DUK ijrochi direktori Ulug‘bek Shakirov O‘zbekistonda IMEI sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2020-yil sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirish boshlanganidan buyon 240 mlrd so‘m mablag‘ kelib tushganini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Bundan tashqari, u tizim joriy etilishining birinchi bosqichida — 2019-yilning 1-aprelidan 1-noyabrigacha 36,2 mln IMEI kodlar tizimda avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkazilganini qayd etdi.

Ikkinchi bosqich — 1-noyabrdan 1-dekabrgacha 2,8 mln IMEI kodlar tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul amalga oshirilgan. 2019-yil 1-dekabrdan pullik asosda xizmat ko‘rsatilgan.

2020-yil yanvardan 1-noyabrga qadar O‘zbekistonda 781,7 mingta mobil qurilma import qilingan. 1-noyabr holatiga 2019-yilga nisbatan telefonlarning qonuniy importi deyarli 10 baravarga oshgan.

“OʻzTTRM” DUK matbuot xizmati qoʻshimcha qilishicha, ushbu mablagʻlar tizim uchun ajratilgan maxsus hisob raqamiga kelib tushgan.