Telegram asoschisi Pavel Durovning ma’lum qilishicha, Telegram’da faol foydalanuvchilar soni 500 millionga yaqinlashmoqda. U shu sabab ko‘pchilik «bunday o‘sish uchun kim mablag‘ ajratadi?» degan savolni bermoqda deb yozgan. Chunki foydalanuvchilar soni ortishi bilan, xarajatlar ham ortib boraveradi.

Durov 2021 yildan boshlab Telegram’ni tijoratlashtirishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, kompaniya bunda o‘z qadriyatlariga sodiq qoladi va oddiy foydalanuvchilar dasturdan bepul foydalanishda davom etadi, «farq deyarli sezilmaydi». Hozirda mavjud xizmatlar bepulligicha qoladi.

Biznes jamoalar va qo‘shimcha ehtiyojli foydalanuvchilar uchun pullik qo‘shimcha funksiyalar joriy etiladi.

Shaxsiy va guruh chatlarida reklamalar bo‘lmaydi, tijoratlashuv ommaviy kanallarda reklamalar berilishi evaziga amalga oshiriladi. Ommaviy kanallar uchun reklama platformasi taklif etiladi.

«Biz kanallar uchun o‘z shaxsiy platformamizni taklif qilamiz. U foydalanuvchilar uchun qulaylik va mahfiylikni ta’minlaydi, biz uchun esa serverlar va trafik xarajatlarini qoplashga imkon beradi», — deydi Pavel Durov.

Masalan ommaviy kanallar reklama platformasi orqali monetizatsiya qilinadigan bo‘lsa, ushbu kanallar egalari o‘zlarining imkoniyatlariga qarab bepul trafikka ega bo‘lishadi.

Telegram asoschisining aytishicha, ushbu yondashuv messendjerning mustaqilligini saqlab qoladi va rivojlanishiga turtki bo‘ladi.