Tramp Sindzo Abe, Narendra Modi va Skott Morrisonni «Faxriy legion» ordeni bilan taqdirladi

AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni, shuningdek, Hindiston va Avstraliya hukumat rahbarlari Narendra Modi va Skott Morrisonni AQSH harbiy «Faxriy Legion» ordeni bilan taqdirladi. Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Robert O’Brayen mukofotlarni tegishli mamlakatlar elchilariga topshirdi. Ta’kidlanishicha, Abe «erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasidagi yetakchiligi va qarashlari uchun», Modi — «Amerika-Hindiston strategik sherikligini mustahkamlashda yetakchiligi uchun», Morrison esa «global masalalarga tezkor javob berish va jamoaviy xavfsizlikni targ‘ib qilishda yetakchiligi uchun» ushbu orden bilan taqdirlanishdi. — AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Twitter’dagi sahifasi.

Turkiya hukumati mehmonxonalarda yangi yil bayramlarini o‘tkazishni taqiqladi

Turkiya hukumati yangi yil bayramini o‘tkazish uchun mehmonxonalarda har qanday ko‘ngilochar dasturlarni o‘tkazishni taqiqladi. «31 dekabr soat 21:00 dan 4 yanvar soat 5:00 gacha mamlakatda komendantlik soati joriy etildi. Bu vaqt mobaynida mehmonxonalarda ko‘ngilochar dasturlarni tashkil etish taqiqlanadi. Jonli musiqa, shu jumladan Djlarning chiqishlari taqiqlanadi. Shuningdek, 22:00 dan keyin har qanday musiqiy translyatsiya taqiqlanadi», — deyiladi mamlakat Ichki ishlar vazirligining bayonotida. Ta’kidlanishicha, ushbu davr mobaynida mehmonxonalarda ijtimoiy masofaga, ayniqsa ovqatlanish vaqtida e’tibor kuchaytiriladi. Nazorat organlari tekshirishni kuchaytiradi. — Turkiya ichki ishlar vazirligi.

Tayvanda sakkiz oy ichida ilk bor koronavirus holati aniqlandi

Tayvanda sakkiz oy ichida ilk bor mamlakat aholisida koronavirus infeksiyasi topildi. Aniqrog‘i kasallanish holati chet ellik uchuvchidan boshlandi. COVID-19 Yangi Zelandiyadan kelgan uchuvchi bilan yaqin aloqada bo‘lgan ayolda topildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyi oxirida uchuvchi ikkita reysni amalga oshirib (Filippin va AQSHga), Tayvanga qaytib kelgan. Bu shaxsda koronavirus aniqlanganidan so‘ng, ayol bilan aloqada bo‘lganligini mahalliy hokimiyatdan yashirgan. Buning uchun unga 10,7 ming dollar miqdorida jarima solinadi. — Focus Taiwan.

BioNTech 6 hafta ichida yangi COVID-19 shtammiga qarshi vaksina yaratishi mumkin

BioNTech rahbari Ugur Shaxinning aytishicha, uning kompaniyasi, agar kerak bo‘lsa, yangi COVID-19 shtammiga qarshi vaksinani olti hafta ichida taqdim etishi mumkin. «Texnik jihatdan olti hafta ichida yangi vaksinani joriy etishimiz mumkin», — dedi Shaxin. U kompaniyaning vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus texnologiyasi qisqa vaqt ichida erishishga imkon berishini ta’kidladi. Shuningdek, Shaxin o‘zining kompaniyasi va AQSHning Pfizer konserni bilan birgalikda ishlab chiqarilgan vaksinaning Buyuk Britaniyada tarqalgan koronavirus mutatsiyasiga qarshi samarali bo‘lishini taxmin qildi. «Tadqiqotlar o‘tkazilganidan keyin buni aniq bilib olamiz (Pfizer'ning yangi shtamm bo‘yicha samaradorligi — tah.) va bu taxminan ikki hafta davom etadi. Ammo bizning vaksinamiz yangi shtammga qarshi samaradorlik ehtimoli juda yuqori», — deya qo‘shimcha qildi Shaxin. — Interfaks.

Yaponiyaning sobiq bosh vaziriga jinoiy ish ochilmaydi

Tokio prokuraturasining maxsus tergov guruhi mamlakatning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe bilan suhbat o‘tkazdi va ko‘plab matbuot xabarlariga qaramay, uni saylovchilarga pora berganlikda va siyosiy mablag‘lar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblash uchun asos yo‘q degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, soddalashtirilgan protsedura bo‘yicha ayblov 2012 yil dekabridan 2020 yil sentyabrigacha mamlakat hukumatini boshqargan 66 yoshli sobiq bosh vazirning katta kotibiga chiqarilishi mumkin. Xususan, Abening bosh kotibi (sobiq) bosh vazir tarafdorlari uchun 2013 yildan 2019 yilgacha mehmonxonalardan birida ziyofatlar o‘tkazishda siyosiy mablag‘lar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda. Ziyofat qatnashchilari yegulik uchun pul to‘lashar edi, ammo yig‘ilgan mablag‘ yetarli bo‘lmagani uchun Abening mablag‘laridan, tegishli hujjatlarsiz, ziyofatga ajratilar edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yildan beri kamida 40 mln iyena (387 ming dollardan ortiq) miqdorida mablag‘ jamg‘armadan noqonuniy ishlatilgan. Ayblanovchining aybi topilsa, unga 5 yil qamoq jazosi yoki 1 mln iyena (9,7 ming dollar) jarima solinadi. — Yomiuri.

Isroil va AQSH delegatsiyasining Marokashga tashrifi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan

Binyamin Netanyaxu Isroil va Marokash o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonini tezlashtirishda mamlakat va AQSH qo‘shma delegatsiyasining 22 dekabr kuni Rabotga tashrifining asosiy vazifasi ekanligini ta’kidladi. «Ertaga bizning Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Meir Ben-Shabbat bilan birgalikda siz, Jared (Trampning katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner — tah.), Marokashga Isroil-AQSH qo‘shma delegatsiyasiga rahbarlik qilasiz. Bu Isroil va Marokash o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishni tezlashtiradigan juda muhim tashrif bo‘ladi», — dedi Isroil bosh vaziri. «Bugun siz bu yerda (Quddusda), ertaga Ben-Shabbat bilan birgalikda Marokash Qiroli Muhammad IV bilan uchrashasiz. Iltimos, unga mendan va butun Isroil xalqidan uning tarixiy qarorida (Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish — tah.) uchun bizning samimiy salomimizni va qo‘llab-quvvatlashimizni yetkazing», — dedi Netanyaxu Kushnerga. Bundan avval Isroil AQSH yordami bilan BAA, Bahrayn va Sudan davlatlari bilan aloqalarni yaxshiladi. — TASS.