Rossiya ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi ilmiy markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning 9 oyi davomida chet el fuqarolari sababchi bo‘lgan YTHlar soni 3478 tani tashkil etgan.

Rossiyadagi xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p YTH keltirib chiqarishgan. O‘zbekistonliklar sababchi bo‘lgan 797 ta avariyada 58 kishi vafot etgan, 1080 kishi jarohatlangan.

Bundan tashqari 701 ta YTHga qirg‘izistonliklar, 599 tasiga tojikistonliklar, 282 tasiga ozarbayjonliklar, 280 tasiga armanistonliklar sababchi bo‘lgan.

Tojikiston fuqarolari keltirib chiqargan YTHlarda eng ko‘p o‘lim holatlari (76 nafar qurbon) qayd etilgan.

Mehnat muxojirlari duch kelayotgan ko‘plab nojo‘ya hodisalar unchalik omadli bo‘lmagan ijtimoiy-madaniy adaptatsiya oqibatida ro‘y berayapti, deb izoh berdi «Kommerstant’»ga Butunrossiya o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar kongressi raisi Ibrohim Xudoyberdiyev. «Bu haydovchilik madaniyatiga ham tegishli. Fuqarolarning hammasi adolatli, lekin ba’zilari benzin pulini chiqarish va tirikchilik ilinjida 14−15 soatdan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Bugun migrantlar orasida turli holatlarda o‘zini qanday tutish bo‘yicha 4−5 tilga tarjima qilingan instruksiyalar broshyurasi tarqatilyapti. Lekin masalani kompleks hal qilish uchun mehnat muxojirlarining ijtimoiy moslashuvi to‘g‘risidagi federal qonun zarur» (qonun loyihasi 2014 yildan beri muhokama qilinadi, lekin qabul qilinmagan — tahr.).