AQSHning General Motors hamda Xitoyning SAIC qo‘shma korxonasi bo‘lgan SAIC-GM 12 dekabrdan yangi Chevrolet Tracker’ni xalqaro bozorga eksport qilishni boshladi. 209 ta mashinadan iborat bo‘lgan birinchi partiya Xitoydan O‘zbekistonga yo‘l oldi. Bu haqda GM Authority xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda ishlab chiqarilgan ushbu model ilk bor mamlakatdan tashqariga chiqarildi. Chevrolet Tracker ichki bozorda 2019 yilning iyun oyida taqdim etilgan edi.

Yangi krossover modeli O‘zbekistondagi Chevrolet Trax (Tracker nomi bilan sotilayotgan) o‘rnini bosadi. Mahalliy sotuvlar yanvar oyining birinchi haftalariga rejalashtirilgan.

SAIC-GM kompaniyasi Tracker’ning O‘zbekistonga eksporti boshlangani uning biznesini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyoda transport vositalarini eksport qilish bo‘yicha yangi strategiyasi bilan yanada kengayishini ma’lum qildi. Rivojlanayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan iborat bo‘lgan mintaqa shu paytgacha asosan GM Korea avtomobillari bilan ta’minlangan.

Aprel oyida yuqoridagi korxona O‘zbekistonga 216 ta Chevrolet Equinox avtomobilini yuborgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» GM Uzbekistan (hozirgi UzAuto Motors) Shevrolet Onix sedanini va yangi avlod Tracker krossoverini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.