Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda raqobatbardoshlilikni oshirish va inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan loyiha uchun 93 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy iqtisodiyot uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish» loyihasi besh sohada: qurilish, to‘qimachilik va tikuvchilik, AKT, agrobiznes va oziq-ovqat sanoati, texnikalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.

Loyihada kamida 60 ming fuqaro, shu jumladan, 48 ming ishsiz yoki ish izlayotgan kishilar va 500 nafar imkoniyati cheklangan shaxslar o‘z kasbiy ko‘nikmalarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ular o‘quv dasturlarini ishlab chiqishdan tortib ish joyida o‘qish va ishga joylashish bilan qamrab olinadi.

Bundan tashqari, loyiha malakali ishchilarni qidirishga, kadrlarni qayta tayyorlash yoki malakasini tasdiqlashga, qolaversa, muhojirlar qaytib kelgan sohalarga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning martdagi farmoni bilan mazkur loyiha 2020 yil 1 iyulga qadar amalga oshirilishi va OTBdan 100 mln dollar jalb etilishi belgilangan edi.