Prezidentning tegishli qarori bilan 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishida agent sifatida ishtirok etishga ruxsat berilmoqda.

Buning uchun agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari xodimlari akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan beriladigan va ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga ega bo‘lishi shart.

Sertifikatlar 3 yilga beriladi va berish tartibi Hukumat tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlar tomonidan agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatish Davlat xizmatlari agentligining yagona platformasi doirasida amalga oshiriladi.

DXA agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatuvchilarning yagona elektron reyestrini shakllantiradi va yuritadi. Fuqarolarga reyestr orqali o‘ziga qulay agentlarni tanlab olish imkoniyati yaratiladi.

Xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Kelib tushadigan mablag‘lar esa to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi.

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan agent sifatida xizmatlar ko‘rsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.