Prezidentning tegishli қарорига muvofiq, 2021 yil 1 apreldan tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini [trolleybus va tramvaydan tashqari] boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu turdagi xizmat bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin.

Bunda haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablarida, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari uchun zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatiladi.

Imtihonlar inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda, davlat YHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Tadbirkorlar xizmatlar uchun to‘lov miqdorini mustaqil ravishda belgilaydi va kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq uning tasarrufida qoladi.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘luvchi maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi.

Sertifikatlarning zarur rekvizitlari davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.