Adliya vazirligi tomonidan 4 dekabr kuni 959-son bilan «O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi» davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.

Unga ko‘ra, volontyorlik orqali kam ta’minlanganlarga, ko‘p bolalilarga, boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish, bemorlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, qariyalarni parvarishlash, sport, madaniy va boshqa tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish hamda boshqa usullarda xayriya ishlarini amalga oshirish mumkin.

Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etish tashabbuslarini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda volontyorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

«Assotsiatsiyaning tashkil etilganligini «5 dekabr — Xalqaro volontyorlar kuni»ga munosib sovg‘a deb hisoblash mumkin», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar bilan uchrashuvda volontyorlik tushunchasini aniqlashtirish lozimligini ta’kidlagan edi.