Yaponiya parlamenti aholini bepul emlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Yaponiya parlamentining yuqori palatasi aholini koronavirusga qarshi bepul emlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. «Ushbu qonunchilik doirasida Yaponiya hukumati kelasi yilning o‘rtalariga qadar butun aholini emlash uchun zarur bo‘lgan dozalarni tayyorlashni rejalashtirmoqda», dedi Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Katsunobu Kato. Bepul vaksinatsiyadan tashqari, yangi qonunda emlash natijasida sog‘ligi zarar ko‘rgan fuqarolar uchun tibbiy xarajatlar qoplanishi ko‘zda tutilgan. — TASS.

Shimoliy Koreya xakerlari oltita farmatsevtika kompaniyasiga hujum qildi

Avgust oyidan beri Shimoliy Koreya xakerlari COVID-19 ga qarshi dori vositalarini yaratish bilan shug‘ullanadigan kamida oltita farmatsevtika kompaniyasining ma’lumotlar bazasiga kirishga harakat qilishdi. Bular AQSHning Johnson & Johnson Novavax, Janubiy Koreyaning Genexine, Shin Poong Pharmaceutical va Celltrion, shuningdek Buyuk Britaniyada joylashgan AstraZeneca PLC kompaniyalaridir. Shimoliy koreyalik xakerlar biron bir foydali ma’lumotni qo‘lga kiritgani noma’lum bo‘lmoqda. — The Wall Street Journal.

BAAning Falcon Eye 2 sun’iy yo‘ldoshi Yer orbitasiga chiqarildi

Foto: arianespace.com

Rossiyaning «Soyuz-ST» raketa tashuvchisi BAAning Falcon Eye 2 sun’iy yo‘ldoshi bilan Kuru kosmodromidan parvoz qildi. Parvoz Fransiya Gvianasidagi Kuru kosmodromidagi raketa kompleksidan Toshkent vaqti bilan soat 06:33 da amalga oshirildi. Falcon Eye 2 yerni kuzatuvchi yuqori aniqlikdagi optik-elektron sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, u BAA Qurolli Kuchlari manfaatlari hamda fuqarolik loyihalarini amalga oshirish uchun vazifalarni bajaradi. — Arianespace.

Dunyoda 40 milliondan ortiq odam qullikda yashaydi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo bo‘ylab 40 mlndan ortiq odam qullikning zamonaviy shakllariga bo‘ysunishini ta’kidladi. «Bugungi kunda 40 milliondan ortiq odam zamonaviy qullik qurboniga aylanmoqda. Ayollar va qizlar bu ko‘rsatkichning 71 foizini tashkil qiladi», — dedi BMT bosh kotibi. «Qashshoq va marginal guruhlar, xususan, irqiy va etnik ozchiliklar, mahalliy xalqlar va migrantlar zamonaviy qullik shakllariga nomutanosib ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Gender tengsizligi esa diskriminatsiya modelini yanada kuchaytirmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u. — TASS.

Rossiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlashni boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Vladimir Putin keyingi hafta oxirida Rossiyada koronavirusga qarshi keng qamrovli vaksinatsiyani boshlashni buyurdi. Qayd etilishicha, birinchi bo‘lib o‘qituvchilar va shifokorlar emlanishi kutilmoqda. Ommaviy emlash bepul va ko‘ngilli ravishda amalga oshirilib, buning uchun «Sputnik V» vaksinasidan foydalaniladi. — Gazeta.uz

Buyuk Britaniyada keyingi haftadan koronavirusga qarshi emlash boshlanadi

Buyuk Britaniya Tibbiyot va sog‘liqni saqlash mahsulotlari regulyatori Pfizer/BioNTech vaksinasidan favqulodda holatda foydalanish uchun ruxsat berdi. Yuqori risk guruhidagilar keyingi haftadan boshlab koronavirusga qarshi emlanadi. Vaksina va immunizatsiya bo‘yicha qo‘mita birinchi navbatda vaksina bilan emlanishi kerak bo‘lgan guruhlar, jumladan qariyalar uyida yashovchilar, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, katta yoshdagilar va klinik jihatdan og‘ir ahvoldagilar uchun maslahatlarni e’lon qilishini ma’lum qildi. — Gazeta.uz