Pandemiya sharoitiga qaramasdan 2020 yilning 10 oyida avtoraqam.uzex.uz onlayn-auksioni orqali jami 218,8 mlrd so‘m qiymatda 80,5 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar sotildi, deya xabar berdi UzEx tovar xom ashyo birjasi matbuot xizmati.

Ushbu davrda 2,6 barobar ko‘proq avtoraqamlar sotilib, ulardan tushgan mablag‘ 71,2% ga oshgan.

Avtoraqamni sotib olish bo‘yicha bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 mln so‘mni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, sotilgan davlat raqamining minimal qiymati 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 186,2 mln so‘mni tashkil etdi.

Xabar berilishicha, yaqinda «Avtoraqam» mobil ilovasi yangi ko‘rinishda ishga tushirilib, unga savdo ishtirokchisini onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish va avtoraqam bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish funksiyalari qo‘shildi. Kiritilgan yangiliklar foydalanuvchilar uchun mobil ilova yordamida birjaning avtoraqam onlayn-auksionlarida erkin ishtirok etish imkoniyatini to‘la taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «chiroyli» raqamlar 6 ta toifaga ajratilgani va ayrimlarining boshlang‘ich narxlari o‘zgargani haqida xabar bergandik.