Noma’lum shaxs o‘z mashinasida Angela Merkelning Berlindagi idorasi darvozasiga urildi

Qora mashina Germaniya kansleri Angela Merkelning Berlindagi idorasi darvozasiga urildi. Mashinaning bir tomonida oq rangda «Sizlar bolalar va qariyalarning qotillari», ikkinchisida «Globallashuv siyosatini to‘xtating», deb yozilgan edi. Haydovchi hibsga olindi. Shu paytda Germaniya kansleri federal hududlarning bosh vazirlari bilan karantin choralarini uzaytirish va koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazayotgan edi. — Bild.

SpaceX Starlink loyihasi doirasida o‘n oltinchi parvozini amalga oshirdi

SpaceX kompaniyasining «Falcon 9» raketasi 24 noyabr kuni orbitaga Starlink loyihasi doirasida 60 ta sun’iy yo‘ldoshning yangi partiyasini chiqardi. O‘tgan yilning may oyidan boshlab bu o‘n oltinchi parvoz. Endilikda SpaceX orbital guruhi 953 ta Starlink kosmik apparatidan iborat. — SpaceX.

Janubiy Koreya Markaziy Osiyo davlatlirini Shimoliy Koreya bilan muloqotni rivojlantirishda ko‘maklashishga chaqirdi

Foto: Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva / Yonhap

Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo davlatlarini Shimoliy Koreya bilan muloqotni rivojlantirishda ko‘maklashishga chaqirdi. Bu haqda Kan Gyon Xva Seulda bo‘lib o‘tgan «Koreya Respublikasi-Markaziy Osiyo» 13-hamkorlik forumida aytib o‘tdi. «Koreya yarim orolidagi tinchlik va farovonlik — butun Yevroosiyo qit’asida tinchlik va umumiy farovonlikka olib boruvchi yo‘ldir», — dedi vazir. Forumda Markaziy Osiyo davlatlarining yuqori martabali vakillari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning yetakchi diplomatlari ishtirok etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. — Yonhap.

Forbes Ilon Mask hozirda dunyodagi eng boy odamlar orasida ikkinchi o‘rindaligini tan olmadi

Forbes: Tesla asoschisi Ilon Mask dunyodagi eng boy odamlar orasida hozirda ikkinchi o‘rinda emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ilon Mask (126 mlrd dollar) Amazon direktori Jeff Bezosdan (182,6 mlrd dollar) va LVMH kompaniyalar guruhining bosh direktori Bernar Arnodan (140,6 mlrd dollar) keyingi, ya’ni uchinchi o‘rinni egallamoqda. — Forbes.

Yevropada karantin cheklovlari yumshatilishi rejalashtirilmoqda

Rojdestvo bayrami munosabati bilan Yevropada karantin cheklovlarini yumshatish rejalashtirilmoqda. Jumladan, Fransiyada 28 noyabrdan savdo majmualari ochiladi. Noyabr oyi boshida kuchga kirgan Angliyadagi karantin 2 dekabrda yakuniga yetadi. Shvetsiyada esa karantin cheklovlari kuchaymoqda. — Gazeta.uz