Isroil bosh vaziri Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Al-Saud bilan uchrashdi. Netanyaxuning tashrifi rasman e’lon qilinmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda Eron bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. G‘azo sektorini nazorat qiluvchi XAMASning katta vakili Sami Abu Zuhri esa Isroil bosh vazirining qirollikka maxfiy tashrif buyurgani haqidagi xabarlardan keyin Saudiya Arabistoni rahbariyatidan izoh talab qilib, ushbu tashrifni Falastin xalqiga nisbatan «haqorat» deb atadi. — The Times of Israel.

Germaniya kompaniyalar boshqaruvida ayollar uchun kvotalar joriy etadi

Germaniyada kompaniyalar boshqaruvida ayollar uchun kvotalar joriy etiladi. Endilikda uch kishidan ortiq bo‘lgan boshqaruv kengashida kamida bir ayol bo‘lishi kerak. Kompaniya direktorlar kengashining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ladi. Shuningdek, gender kvotalar davlat idoralari uchun ham joriy etiladi. — Financial Times.

Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Sarkozi korrupsiya va tergovga bosim o‘tkazganlikda ayblanmoqda. Undan tashqari, ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudlanuvchilar orasida Sarkozining advokati Terri Ersog va Kassatsiya sudining sobiq xodimi Jilbert Aziber ham bor. Ushbu ish bo‘yicha sudlanuvchilar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 1 mln yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Tinglovlar 10 dekabrga qadar davom etishi kutilmoqda. — Interfaks.

Hutiylar Saudi Aramco kompaniyasi stansiyasiga hujum qildi

«Ansar Alloh» (hutiylar) harakatining yamanlik isyonchilari Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Saudi Aramco neft va gaz kompaniyasining stansiyasiga raketa hujumi uyushtirgani haqida xabar berishdi. Saudiya Arabistoni xutiylarning raketa zarbasi haqidagi xabarlarni rad etdi. «Raketa kuchlari Jiddadagi Aramco stansiyasiga „Quds 2“ qanotli raketasi bilan zarba berishga muvaffaq bo‘ldi», — dedi xutiy harbiy vakili. Xabarga ko‘ra, hutiylar Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga ehtiyot bo‘lishni maslahat berishdi. — TASS.

AQSH Ochiq osmon shartnomasidan chiqdi

AQSH yakshanba kuni rasmiy ravishda 30 dan ortiq davlat ishtirok etadigan Ochiq osmon shartnomasidan chiqdi. AQSH prezidenti Donald Tramp 21 may kuni mamlakatning shartnomadan chiqishi haqida e’lon qilgandi. AQSH Davlat departamenti o‘z bayonotida: «Olti oy o‘tdi, AQSHning chiqib ketishi 2020 yil 22 noyabridan kuchga kiradi», — deya ma’lum qilgan. — Gazeta.uz