Madaniyat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i buzilib, o‘rniga turar-joy majmuasi qurilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirda bog‘ hududida yengil konstruksiyali inshootlarni buzish (demontaj) ishlari olib borilmoqda.

«Ishlab chiqilgan yangi loyihaga ko‘ra, bog‘ hududida turar-joy inshootlari qurilmaydi. Shuningdek, obyekt hududidagi texnik jihatdan eskirgan atraksion hamda o‘yin qurilmalarini olib chiqish bo‘yicha barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan va ushbu talabga ular tomonidan e’tiroz bildirilmagan. Ta’kidlab o‘tamizki, olib borilayotgan rekonstruksiya jarayonida bog‘ hududidagi suv havzasi, daraxtlar va boshqa o‘simliklarga ziyon yetmagan, ular doimiy ravishda parvarish qilinmoqda», — deya aniqlik kiritdi vazirlik matbuot xizmati.

Bundan avval, Toshkent hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt aholisining «G‘afur G‘ulom» istirohat bog‘i o‘rnida yangi binolar yoki biznes-markaz paydo bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlariga izoh berilgan edi.

2019 yil sentabr oyida hokimiyat obyektni investorga topshirish bilan bog‘liq vaziyatni izohlab, G‘afur G‘ulom bog‘i rekonstruksiya qilinganidan keyin «jamoat uchun» bo‘lib qolishini, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishini va «bitta daraxtga tegilmasligini» aytgan.