2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha rahbar va ma’sul lavozimga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lish majburiy etib belgilanishi mumkin. Bu haqda tegishli hukumat qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Hujjat loyihasida 2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida malaka oshirishlari talabi qo‘yilishi kutilmoqda.

Mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga sertifikat berishni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga topshirish taklif qilinmoqda.

Sertifikat rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari (keyingi o‘rinda — test sinovlari) natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 70 foizini to‘plagan xodimlarga 5 yil muddatga berilishini ko‘zda tutilmoqda.

Loyixada taklif qilinishicha, rahbarlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun tuziladigan test topshiriqlari markaz o‘quv dasturiga muvofiq shakllantiriladi. Bunda, test topshiriqlari DTM tasdiqlagan talab asosida markaz tavsiya etgan mutaxassislar tomonidan shakllantiriladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 28 noyabrgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning oktyabrdagi farmonida 2021 yil 1 apreldan rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etish belgilangan edi.