Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli yana bir audioyozuv tarqaldi. Hokim ovozidan anglash mumkinki, u tadbirkorlar bilan yig‘ilish o‘tkazgan va unda Savdo sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ham ishtirok etgan. Audioyozuvda Abdurahmonov tadbirkorlarni «shakal» deb atagan.

«U (Adham Ikromov — tahr.) tushuntirayapti, unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi. Ishinglar bo‘lsa mana nomer, 1100 ga murojaat qilaverasizlar. U misollar keltirib, tushuntirayapti. Bormi murojaat qiladiganlar desa, uchtasi qo‘l ko‘tarayapti. Keyin meniki qo‘zib ketadi-ku: „Tur o‘rningdan, nima murojaating bor“, dedim. „Ha endi“, degandi, „Ayt endi, ha endilamasdan“, dedim. U tushunmay qo‘lini ko‘tarvordi-da. „Aytasan, Andijon shahardagi shakal“ dedim. Aytasan desam, bekitayapti», — deydi viloyat rahbari.

Hokim tadbirkor bilmasdan qo‘lini ko‘tarib yuborgan yoki rostdan ham murojaati bo‘lgan, deya ta’kidladi.

«Eshitvol „hammasi [murojaat] bosh vazirga borgan bilan, menga keladi“, deyapman. „U yoq orqali kelsa, ko‘tingga tepaman“, dedim. Yo qiziyaptimi, dedim. „Yo‘q, yo‘q, tushunmay qo‘l ko‘tarvoripman“ dedi. Ikkita sassiq gaping bilan bir narsa o‘zgarib qolmaydi-ku», — deydi Shuhrat Abdurahmonov.

Shuningdek, audioda hokim tadbirkorlarga qarata, — «Senlarni odam tuqqanmi, yo it tuqqanmi?, E semirmay o‘l, to‘ng‘iz», — degan.

«Gazete.uz» Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lana olmadi.

Bir necha kun avval, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli boshqa bir audioyozuv ham tarqalgandi. Unda hokim Marhamat tumanida uch nafar ayolni «prezident vakiliga sassiq gapirgani» uchun qamab qo‘yganini aytadi. Bundan tashqari, jurnalistlarga qarata, — «Agar qitig‘imga tegsang, men qo‘yvoraman», — degan. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu audioyozuv ikki yil oldin yozilganligini ta’kidlagandi.

Ushbu audioyozuv tarqalishi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirgandi.

«Ko‘plab amaldorlarning qo‘pol muomilasi va qonunlarga «tupurib qo‘yib» feodal zamon kabi kimni istasa o‘shani «15 sutkaga» qamatib yuborish prinsipi yaqin tarixda paydo bo‘lib qolgan boshqaruv uslubi emas. Men buni Lenin inqilobidagi «hokimiyat, boshqaruvni dehqon va yupunlarga ber», degan siyosatning oqibati, deb bilaman… Andijon hokimi masalasida esa hokim buni qachon aytgani muhimmas, muhimi u Lenin sabab boshlangan «boshqaruv maktabi»ning sodiq vorisi bo‘lib, vakillik, sud organlari ustidan amalda mutlaq hokimiyat o‘rnatib olgan feodal zamoniga mos insonligi», — deyiladi deputat munosabatida.

«O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va boshqalarga qarshi kurashib, dunyoga yuz tutib borayotgan bir vaqtda qanchalar hunuk va sharmandali holat: hech bo‘lmasa demokratiya hurmati uchun ham hokim janoblari Andijonning «hokimi mutlaq» ekanligini bildirib, maqtanmasa bo‘lardiku. Biz shundoq ham bilamiz: sizlar «zo‘r"sizlar!», — degan Rasul Kusherbayev.