Avvalroq, bosh prokuraturada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Unda bosh proruror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ikki yil mobaynida respublika bo‘yicha 371 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilgani uchun 2477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini aytgandi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, Moliya vaziri Timur Ishmetov mazkur holat bo‘yicha tushuntirish berar ekan, byudjet pullarini sarflashda qonun buzilish holatlari yo‘q emasligi, buni oldini olish uchun esa moliyaviy nazorat organlari mustaqilligini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan.

«Davlat moliyaviy nazorat organlariga ayrim hududlarda hokimliklar tomonidan bosim yo‘q, deb ayta olmaymiz. Ya’ni u moliya vazirligiga ishlaydimi? Yoki ayrim bosim natijasida boshqalarni himoya qilishga ishlayaptimi? Meni fikrim, kelgusida umuman davlat moliyaviy nazorat xizmatlari faoliyatlarini funksional nuqtai nazardan tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak. Davlat moliyaviy nazorati biror vazirlik ichida emas, yagona, yaxlit kuchli bir tizim bo‘lishi kerakki, biror vazirlik ham, biror hokimiyat ham undan ustun bo‘masligi kerak, ungacha foydasi yo‘q», — deya ta’kidladi Timur Ishmetov.

Vazir mazkur jarayon bo‘yicha Hisob palatasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda yangi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani, bunga xorijiy ekspertlar ham jalb etilganini ma’lum qildi.

«Yil oxirigacha topshirig‘imiz bor, mutlaqo yangi qonun loyihasini 180 gradusga o‘zgartirib, ishlab chiqishimiz kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi borki, u bilan kurashishni foydasi yo‘q», — dedi moliya vaziri.

Bundan tashqari, moliya vaziri «UzASBO» dasturiy majmuasida yangi modul tashkil etilganini ta’kidladi. Endilikda uning yordamida tarmoq, shtat va kontingentlar bo‘yicha reja va uning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlar elektron shaklda moliya organlariga taqdim etiladi.

«Tarmoq, shtat va kontingent to‘g‘risidagi ko‘rsatkich avtomatik tarzda jamlanishi hamda pul mablag‘lari oqimi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rsatkichlari taqqoslanishi natijasida mehnat sarfi va yuzaga keladigan xatoliklar keskin kamayadi. Byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari oldi olinadi», — dedi Ishmetov.

Ma’lumot uchun, yig‘ilishda bosh prokuror byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlarining bir qanchasini misol qilib keltirgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 mln so‘mlik kamomadni yashirish evaziga $2000 va 500 ming so‘m olgan.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Yana bir holatda, G‘aznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 mlrd so‘m ortiqcha pul olishgan va uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilgan. Misol uchun jamg‘armaning Piskent tumani bo‘limi bosh inspektori M. «Xalq banki» kassiri H. bilan birga, 142 nafar vafot etgan fuqarolar nomiga pensiya rasmiylashtiradi va 86 mln so‘mni o‘zlashtiradi.

Bosh prokuror hozirda ushbu jinoyat ishlari bo‘yicha yuqorida qayd etilgan mansabdor shaxslar qonun oldida javob berayotganini ta’kidladi.