4 noyabr kuni Olmaliq shahrida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Yarmarka bo‘lib o‘tayotgan «Metallurg» madaniyat saroyida katta tiqilinch yuzaga kelgan, deya xabar berdi Olmaliq shahar hokimligi axborot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, Olmaliqda korxona, tashkilotlar, xususan, Olmaliq kon metallurgiya kombinati (OKMK) ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilmoqda. Biroq talabgorlarning ko‘pligi, xususan, OKMK ga ishga kirish istagida yaqin hududlardan (Pskent, Ohangaron, Bo‘ka, Bekobod) ham kelgan fuqarolar hisobiga mo‘ljalangan joyda tiqilinch yuzaga kelgan.


Ayni damda «Metallurg» madaniyat saroyi maydoni mashinaga to‘lgan. Foto: «Olmaliq hayoti» Telegram kanali

Shundan so‘ng, «Mehnat yarmarkasi» mazkur madaniyat saroyiga yaqin boshqa hududda joylashgan «Yoshlar bog‘i»ga ko‘chirilgani aytilmoqda. Ayni damda ushbu bog‘da Olmaliq shahar sektor rahbarlarining sayyor qabuli ham o‘tkazilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, OKMK AJda «Yoshlik-1″ konini o‘zlashtirilish» loyihasi doirasida yangi ob’ektlar, xususan, 3-MBF qurilishi munosabati bilan kombinatda 10 mingta ish o‘rni bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda.

«OKMK tomonidan fuqarolarni ishga qabul jarayonlari haqida hamda qabul o‘tkaziladigan kunlar va qaysi ixtisoslik uchun qachon suhbat bo‘lishi haqida rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali doimiy axborot berib boriladi», — deyiladi bayonotda.