Italiya hukumati Covid-19 infeksiyasi tarqalishi keskin oshgani sababli butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soatini e’lon qildi. Aholiga 22:00dan 5:00 gacha o‘z uylarida qolish tartibi belgilandi. Tegishli farmonni bosh vazir Juzeppe Konte imzoladi.

Bundan tashqari, mamlakatda muzeylar va ko‘rgazmalar yopiladi, o‘rta maktab o‘quvchilari masofaviy ta’lim tizimiga o‘tkaziladi. Savdo markazlari dam olish kunlari ishlamaydi.

Mamlakat provinsiya va hududlarlari xavflilik darajasi bo‘yicha uchga bo‘linadi — past, o‘rta va yuqori. Xavflilik darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha cheklovlar qo‘llaniladi, shu jumladan, bir hududdan boshqa hududga harakatlanish to‘xtatiladi.

Yangi cheklovlar 4 noyabrdan boshlanadi va kamida bir oy davom etadi.

Italiyada koronavirus bilan kasallanishning keskin o‘sishi oktyabr oyining ikkinchi yarmida boshlandi. Ikki hafta ichida har kuni qayd etilayotgan yangi holatlar soni 10 mingdan 30 minggacha oshdi.