Andijon viloyati Bo‘ston (Bo‘z) tumani hokimi Sadbarxon Mamitova fermerlarga Asaka yog‘-moy kombinatiga 5 tonnadan soya topshirmasa, yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aks etgan audio tarqaldi. Biroq fermerlar bilan soya topshirish bo‘yicha hech qanday shartnoma tuzilmagan deya, xabar bermoqda Human.uz nashri.

Sadbarxon Mamitova audioda fermerlarni nimaga soya sotmagani va rejani bajarmagani uchun kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan. Audioda, shuningdek, bir fermerning ovozi eshitilib, bugun oborishini ta’kidlaydi. Hokim esa unga javoban nega kecha obormading, degan. Hokim soya bo‘lmasa yeringdan umid qilma, deya dag‘dag‘a ham qilgan.

Bundan tashqari, audioda fermerlarning yetmaganini sotib olamiz, degan ovozini ham eshitish mumkin. Hokim esa bunga nisbatan meni qiziqtirmaydi qayerdan olasan, qachon olasan deya so‘zida davom etgan.

«Mana bittasi 4 mingdan olib keldim bir tonna dedi. Men bajaraman opa, dedi bitta fermer. Sakkiz ming so‘mdan olasanmi meni qiziqtirmaydi. Besh tonnadan bir kilo kam bo‘lsin! Soya bo‘lmasa yering ham bo‘lmaydi. Umidingni qilma», - dedi Sadbar Mamitova.

Sadbar Mamitova mazkur audio yuzasidan Kun.uz nashri muxbiriga bergan intervyusida koronavirusga chalinib, ikki hafta davomida kasalxonada yotganini ta’kidlagan. Sog‘ayib chiqqach esa, ruhiy holati yaxshi bo‘lmagani uchun stressda fermerlarga qattiqroq gapirgani va talab qilgani, og‘zidan shu gap chiqib ketganini ta’kidlagan. Shuningdek, u davolangan paytida tumandagi ko‘p ishlar orqada qolib ketganini qo‘shimcha qilgan.

«Holbuki, g‘allamiz, paxtamiz, soyamiz bor, ularga taalluqli rejalar bor. Xususan, g‘alla ekish ham, g‘allani sug‘orish ham orqada qolgan. Ba’zida yaxshilik bilan, qonun yo‘li bilan ham gaplashasiz. Ba’zida esa qattiqroq gapirishga to‘g‘ri kelib qoladi. Aslida fermerlar bilan munosabatim yaxshi. Biroq ish qilmagan, rejani bajarmagan fermerlar anchagina. To‘g‘ri, paxta rejasini bajardik, lekin fermerlar paxta ichidagi soyani korchyovka qilib, yulib tashlashgan. Holbuki, soya hosilini terib olish kerak edi. Korchyovka bilan chiqarib tashlab, yer chizib turishibdi soya yo‘q deb. Endi g‘o‘zaning ichidagi soya tonnasini qayerdan chiqarishadi? Ularga soyani yo‘qotib yubormanglar, deyilgan, lekin yulib tashlashgan ekan», — deya izoh bergan Sadbarxon Mamitova.

Mazkur voqea yuzasidan Andijon viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda, haqiqatdan ham audio yozuv Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovaga tegishli ekani, tumandagi soya yetishtiruvchi fermerlarning soya yetishtirish va uni yig‘ib olishdagi mas’uliyatsizligi oqibatida tumanda soya hosilini yig‘ishtirib olish va zaxira qilish ishlari bir muncha ortga surilgani ma’lum bo‘lgani ta’kidlangan. Ushbu holat yuzasidan tuman hokimi fermerdan nega soya hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olmasdan, soyani korchyovka qilib, yulib tashlashganiga izoh so‘ragani aytilmoqda.

«Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, tarqalgan audio yozuv uchun Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovaga viloyat hokimligi tomonidan „ogohlantirish“ berilganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi munosabatda.

Ma’lumot uchun: Tumanda 108 ta g‘alla va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga jami 36.5 tonna soya o‘simligi ekish va yetishtirish (500 gektar ochiq maydonga, 300 gektar g‘oza qator orasiga) belgilangan.