Davlat bojxona qo‘mitasi «Bank siri to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi yuzasidan izoh berdi. Eslatib o‘tamiz, loyihada qo‘mitaga tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari to‘g‘risida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotga ega bo‘lish huquqini berish taklif qilingan.

«Qonun loyihasini ishlab chiqishning asosiy maqsadi bojxona organlarida mavjud ma’lumotlar asosida TIF ishtirokchilarining moliyaviy barqarorligi, halolligi va qonunga itoatkorlik darajasini baholash tizimini takomillashtirish orqali ularga nisbatan soddalashtirilgan bojxona nazorati shaklllarini keng qo‘llash, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan», — deya ta’kidladi qo‘mita.

Bojxona organlariga banklardan bank mijozi bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchisiga tegishli ma’lumotlarni olish huquqini beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish prezidentning 5 iyundagi «Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida» PF-6005-son Farmoni bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da belgilangani haqida eslatib o‘tdi DBQ.

Qo‘mita «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, bojxona organlari banklardan, moliya organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni so‘rash hamda olish huquqiga ega ekanligini ham ta’kidladi.

Bundan tashqari, «Bank siri to‘g‘risida"gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda, yetkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta’minlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojxona xizmati organlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi. Shu bilan birga, bojxona organlariga tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyin bojxona nazoratining shakli sifatida bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan», — deya izoh berdi qo‘mita.

DBQ xorijiy davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Gollandiya, Janubiy Koreya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeII — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya) banklardan, kredit-moliyaviy va bank operatsiyalarini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlardan ma’lumotlarni olish huquqi ega bojxona auditini o‘tkazish amaliyotini misol qildi.

«Jumladan, YeII Bojxona kodeksining 335-moddasida bojxona organlari mansabdor shaxslari bojxona tekshiruvini amalga oshirish uchun banklardan, kredit-moliya tashkilotlaridan bank sirini saqlagan holda ma’lumotlarni olish huquqiga ega ekani belgilangan», — deyiladi xabarda.