Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) tomonidan «Bank siri to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Davlat bojxona qo‘mitasi shu yo‘l bilan kompaniyalarning bank siri deb hisoblanuv ma’lumotlariga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritmoqchi.

Loyihaga ko‘ra, qo‘mita tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bank ma’lumotlariga ega bo‘lish uchun qonunning 8-moddasiga (bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etish) qo‘shimcha kiritishni taklif qilmoqda. Gap «Davlat bojxona qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun» bank mijozi bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining hisob raqamlari, omonatlari (depozitlari), ulardagi pul mablag‘larining qoldig‘i va operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish huquqiga ega bo‘lish haqida bormoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bank sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarga ega bo‘lish huquqi Hisob palatasi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga berilgan. Departament bu huquqni 2019 yil yanvar oyida qo‘lga kiritgan.