11 oktyabr kuni Belarusda avgust oyidagi prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lganlarning «G‘urur marshi» bo‘lib o‘tdi. Mamlakat bo‘ylab politsiya 600 kishini hibsga oldi, deya xabar berdi Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi. Tashkilot saytida hibsga olinganlarning ro‘yxati doimiy ravishda yangilanadi.

TUT.BY portalining xabar berishicha, mitinglar Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilev, Grodno, Jodino, Kobrin va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tgan. Poytaxtda ertalab markaziy maydonlar o‘rab olingan va kun davomida ba’zi metro bekatlari va savdo markazlari yopilgan.

Xavfsizlik kuchlari marsh ishtirokchilarini kolonnada birlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishdi. Ular, shuningdek, jurnalistlarni hibsga olishdi — nafaqat TUT.BY, BelaPAN, Onliner, «Belsat» mustaqil nashrlarining muxbirlari, balki BelTA davlat agentligi, shuningdek Rossiya TASS muxbirlarni ham.

Namoyishchilarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari tovushli granatalardan, gaz va to‘q sariq rangdagi suyuqlik purkagichlaridan foydalangan. TUT.BY xabariga ko‘ra, namoyishchilar balaklava (ko‘z va og‘iz ochiq bo‘lgan niqob) va sport kostyumlaridagi noma’lum shaxslar tomonidan hamda politsiya tomonidan tayoq bilan kaltaklangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 9 va 12 avgust kunlari Minsk ko‘chalarida bunday zo‘ravonliklar bo‘lmagan.

Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan edi. Mamlakat MSK hisobotiga ko‘ra, saylovchilarning 80,1 foizi Aleksandr Lukashenkoga, 10,1 foizi — Svetlana Tixanovskayaga, 4,59 foizi hammaga qarshi ovoz berishdi. Saylov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab mamlakatda norozilik aksiyalari to‘xtagani yo‘q.