7 oktyabr kuni Telegram messenjerida fuqaroni arqon bilan bog‘lagan holda traktor tirkamasida majburiy ravishda olib ketayotganligi aks etgan video tarqaldi.

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, 3 oktyabr kuni soat 10:30 da Navoiy viloyati Qiziltepa tumani «Yangi hayot» MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi yer maydonida ushbu fermer xo‘jalik ishchisi bo‘lgan 32 yoshli S.Sh. mast holda fermer xo‘jaligi rahbari 26 yoshli J.N. ni kamsituvchi qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagan.

Oqibatda, fermer xo‘jaligi rahbari J.N. ishchisi S.Sh. ni yuzi va tanasining turli joylariga urib jarohat yetkazgan. Qo‘shni fermer xo‘jaligi traktorchisi fuqaro 28 yoshli S.N. bilan birgalikda fuqaro S.Sh. ning bo‘ynidan arqon bilan bog‘lab, uning traktorida fermer xo‘jaligining dala shiyponiga olib borib, qiynoqqa solib daraxtga bog‘lab, tashlab ketishgan, deyiladi xabarda.

4 oktyabr kuni fuqaro S.Sh. fermer xo‘jaligi rahbarining yashash xonadoniga bir kun oldingi holatga oydinlik kiritish maqsadida borganida fermer xo‘jaligi rahbarining otasi 52 yoshli N.V. o‘zaro vujudga kelgan tortishuvdan so‘ng S.Sh. ni yashash xonadoniga olib kirib tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazganligi aniqlangan, deydi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Ushbu kuni yuz bergan voqeani J.N. o‘zining qo‘l telefoniga video tasvirga, olib tanishi T.R. ga Telegram messenjeri orqali yuborgan, T.R. esa ushbu videoni Qiziltepa tumanidagi tanishlariga tarqatganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinost kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 138-moddasi 1-qismi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.

IIV huzuridagi Tergov departamenti shuningdek, yuqoridagi kabi haraktalar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 1891-moddasi va Jinoyat kodeksining 1301-moddalarida ko‘rsatilgan «Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish» kabi ma’muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida eslatib o‘tdi.