Telegram messenjerining Android uchun 7.1 beta-versiyasida kanallardagi postlarga izoh qoldirish imkoni paydo bo‘ldi, deya xabar beradi Kod.ru. Avval izohlar maxsus botlar orqali brauzerda amalga oshirilar edi. Bu ayrim foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘dirgan. Endilikda fikr bildirish uchun messenjerdan chiqish talab etilmaydi.

Izohlar namunasi. Foto: Kod.ru

Yangi izohlar qanday ishlaydi?

Telegram-kanalda izohlar funksiyasini yoqish uchun unga guruhni (chat) ulash kerak. Buning uchun avval guruh yaratib, kanal sozlamalarida: «Obsujdeniye» (Muhokama) — «Dobavit gruppu» (Guruh qo‘shish) tugmasini bosish kerak.

Postlar ostida qoldirilgan izohlar — kanalga ulangan guruhda postga javob (Reply) ko‘rinishda bo‘ladi. Foydalanuvchi izoh qoldirishi uchun guruh a’zosi bo‘lishi talab etilmaydi. Lekin faqatgina guruh a’zolari o‘z xabarlarini tahrirlay oladi.

Bundan tashqari, guruh administratorlari anonim tarzda xabar qoldirishlari mumkin, bu maxfiylikni yanada oshiradi.

Hozirda izohlar funksiyasi faqatgina beta-versiyada qo‘llab-quvvatlanadi.


Izohlar funksiyasining namunasi. Video: Telegram Info kanali

Kengaytirilgan bo‘lishishlar statistikasi

Kanallar administratorlari uchun yana bir yangi funksiya — xabar bilan bo‘lishgan kanallar ro‘yxatini (repostlar) ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. 7.1 versiyagacha faqat bo‘lishishlar sonini ko‘rish mumkin edi.

Kengaytirilgan statistika namunasi. Foto: Beta Info kanali

Yangi beta-versiyada esa kanaldagi xabar bilan bo‘lishgan ommaviy kanallarni ko‘rish mumkin. Funksiya faqat administratorlar uchun mavjud. Bundan tashqari, privat kanallar va foydalanuvchilar tomonidan bo‘lishishlar ro‘yxatda ko‘rinmaydi.

Hozirda izohlar faqat Android va macOS platformalarida sinov tariqasida kiritilgan.