«O‘zbekiston 24» telekanali mamlakatdagi korrupsiya holatlariga bag‘ishlangan telelavhada Toshkentda Xalq deputatlari tuman kengashi, OTMga kirishdagi va boshqa ta’magirlik hamda korrupsiya holatlari to‘g‘risida ma’lum qildi. Tezkor tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda Xalq deputatlari tuman kengashlaridan birining deputati bo‘shab qolgan joylar uchun tuman kengashi deputatligiga saylanishda yordam berishni va’da qilib, bir fuqarodan 3000 dollar so‘ragan. U avans sifatida 1500 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston 24» telekanalining xabar berishicha, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi 18 yoshli fuqaro Gulistonda yashovchi 17 yoshli jinoiy sherigi bilan birga bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Chimkentdagi M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 2000 dollar olgan vaqtda ushlandi.

Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi (1997 yilda tug‘ilgan) shaxs Marg‘ilonda istiqomat qiluvchi fuqaroni Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti tibbiyot fakultetiga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 1350 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi xodimasi 1200 dollar evaziga bir fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga farroshlikka ishga kirishida yordamlashishga va’da bergan. Poliklinika xodimasi dastlab 400 dollar olgan. U qolgan 800 dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida (ikki marta sudlangan) fuqaro fermer xo‘jaliklaridan birining rahbaridan 2020 yilgi paxta terimiga xo‘jalik nomidan o‘zi yollanma ishchilarni topib, jo‘natib berishni aytib, buning uchun 6 million so‘m talab qilgan. Sudlangan fuqaro agar fermer ushbu pulni bermasa, u hokimiyatda ishlaydigan tanishlari orqali mazkur fermer xo‘jaligi yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Huquqbuzar aytilgan puldan 5 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.