Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkentda bitkoin savdogarlarini hibsga olishdi, deb xabar berdi Spot «O‘zbekiston 24» telekanali reportajiga tayanib.

Qayd etilishicha, fuqarolardan biri sheriklari bilan 20 bitkoinni sotishga harakat qilib, ularning har birini bozorning «qora kursi» bo‘yicha 10 463 dollarga (jami — 208 320 dollar) baholagan. 7% komissiyani hisobga olgan holda, kripto valyutasini sotish bo‘yicha bitim 224 ming dollarga baholangan. U qiymati 100 ming dollarga teng bo‘lgan 9,5 bitkoinni elektron karmonga o‘tkazib bergan vaqtda ushlangan. Shuningdek, undan 402 ming 71 dollar vaqtincha olib qo‘yildi.

Lavhada O‘zbekistondagi kripto aktivlari aylanmasi bo‘yicha faoliyat litsenziyalanishini va operatsiyalar kripto birjasida amalga oshirilishi kerakligi eslab o‘tildi.

Shu munosabat bilan mazkur holat bo‘yicha Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani hududiy bo‘limi tomonidan bir guruh shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkentda 2019−2020 yillarda 3 mln dollar miqdoridagi bitkoinlar tijorati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan M.A.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Unga nisbatan ikki modda — 177 (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190 (litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.