Aleksandr Lukashenko rasman Belarus prezidenti sifatida o‘z lavozimiga kirishdi, deya xabar berdi «BELTA» davlat axborot agentligi. Inauguratsiya marosimi 23 sentyabr kuni Minskdagi Mustaqillik saroyida bo‘lib o‘tdi.

Inauguratsiyada bir necha yuz kishi ishtirok etdi. Ular orasida yuqori lavozimlardagi amaldorlar, parlament a’zolari, davlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari rahbarlari, olimlar, madaniyat va sport vakillari ham bo‘lgan.

Aleksandr Lukashenko konstitutsiyaga o‘ng qo‘lini qo‘yib qasamyod qilgan va tegishli hujjatni imzolagan. So‘ngra mamlakat Markaziy saylov komissiyasi raisi Lidiya Yermoshina unga prezidentlik guvohnomasini topshirgan.

TUT.BY ma’lumotlariga ko‘ra, inauguratsiya haqida oldindan e’lon qilinmagan va efirlarda uzatilmagan. «Belarus Respublikasi prezidenti to‘g‘risida"gi qonunga binoan, qasamyod qabul qilish marosimi respublika teleradiokanallari orqali efirga uzatilishi kerak. Buning o‘rniga davlat telekanallarida seriallar namoyish etilgan.

«Men Belarusning birinchi prezidenti bo‘lganimdan hech qachon afsuslanmasliklaringiz uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman», — dedi Aleksandr Lukashenko inauguratsiya vaqtida.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 80,1 foizi Aleksandr Lukashenkoga ovoz bergan. Jami mamlakat miqyosidagi saylovlarda ishtirok etish ko‘rsatkichi 84,28 foizni tashkil etdi. Saylov natijalari e’lon qilinganidan boshlab mamlakatda ikki oydan beri ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.