Respublika yoshlar ishlari agentligi tomonidan «Yoshlar media xoldingi» tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjatda «Yoshlar» teleradiokanali" AJ, «Yosh kuch» jurnali, «Yoshlar ovozi» — «Molodyoj Uzbekistana» gazetalari, «Yoshlar» nashriyot uyining 100 foizlik ulushlarini, shuningdek, «Ozod yurt to‘lqinlari» MCHJning 61 foizlik («Mening yurtim» (MY5) telekanali), «Yoshlar ovozi» MCHJning («Yoshlar ovozi» radiosi) 49 foizlik ulushlarini Yoshlar ishlari agentligiga berish va ular negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi «Yoshlar media xoldingi»ni tashkil etish taklif qilinmoqda.

Yoshlar media xoldingiga qo‘yilayotgan vazifalar qatorida dunyoda yuz berayotgan voqealarni, mamlakatdagi islohotlarni va ayniqsa, ularni tashvishga solayotgan yoshlar hayotidagi o‘zgarishlarni xolis va haqqoniy yoritish, yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlari va davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda asosiy axborot hamkori sifatida ishtirok etish kiradi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishga qaratilgan hujjat loyihasida agentlikning mintaqaviy vakolatxonalarida hamda universitetlarda Yoshlar multimedia studiyalarini ochish ko‘zda tutilgan. Mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va forumlar o‘tkazish rejalashtirilgan. 27 iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini nishonlash arafasida Yoshlar mediaforumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Media xolding va uning tarkibidagi teleradiokanallarga kontentni analog va raqamli formatda efirga uzatishda imtiyozlar berish taklif etiladi. Toshkent shahar hokimligi media xoldingga bepul bino ajratishi kerak bo‘ladi.

Media-xoldingni moliyalashtirish manbalari sifatida davlat byudjeti va Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik mablag‘lari hamda reklama va homiylik mablag‘lari ajratiladi.

Shuningdek, 2020 yilda media-xoldingga qurilish va moddiy-texnik bazani ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat byudjetidan 46 mlrd so‘m ajratish taklif qilinmoqda. 2021 yilga mo‘ljallangan media-kontentni (maxsus va axborot dasturlari, ijtimoiy roliklar, intellektual loyihalar va boshqalar) tayyorlash, bukletlar va yosh ijodkorlarning birinchi kitoblarini nashr etish uchun mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Media-xoldingni byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni 2023 yilgacha tugatish, tashkilotni o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish taklifi ilgari surilmoqda.

Yoshlar media xoldingini tashkil etish prezidentning 30 iyundagi Yoshlar bilan ishlash agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan edi. 2020 yilgi davlat byudjetida Milliy teleradiokompaniyani rivojlantirish uchun 420 mlrd so‘m mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan edi.