15 sentyabrdan boshlab Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 40 va 262-sonli maktablarda an’anaviy ko‘rinishdagi darslar koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar vaqtinchalik to‘xatildi. Bu haqda poytaxt Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ushbu maktablar faoliyati mahalliy kengash qarori bilan to‘xtatilganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda barcha hududlarda maktab o‘qituvchilarining COVID-19 infeksiyasiga test topshirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Test topshirish jarayonida, afsuski, natijalar musbat chiqayotgan holatlar ham bor. Quvonarli tomoni, aksariyat o‘qituvchilarda kasallik alomatlarsiz yengil holda kechayotgani sababli ularning ayrimlari o‘zlari ham virusni boshidan kechirayotganidan bexabar bo‘lgan», — deyiladi XTV xabarida.

Ma’lumot uchun, 16 sentyabr holatiga ko‘ra,Toshkent shahridagi 318 ta umumta’lim muassasalaridan quyidagi 137 tasi (ro‘yxat) an’anaviy tarzda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolgan maktablar faoliyati an’anaviy tarzda boshlagunga qadar dars mashg‘ulotlarining onlayn tarzda, ya’ni «Onlayn-maktab» loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali amalga oshiriladi.