Isroil 15 sentyabr kuni BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Marosim Vashingtonda Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp, birinchi xonim Melaniya Tramp va bir necha o‘nlab mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Hujjatlarni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, shuningdek, BAA va Bahrayn tashqi ishlar vazirlari Abdulla bin Zayd al-Naxayyan va Abdul Latif al-Zayyoni imzoladi.

Hujjatlarning uch nusxasi — ivrit, arab va ingliz tillarida tayyorlangan. O‘zining vositachiligi bilan erishilgan kelishuv bitimlarining ingliz tilidagi nusxalarini Donald Tramp imzoladi.

Bundan tashqari, Tramp, Netanyaxu, BAA va Bahrayn TIV rahbarlari alohida to‘rtta nusxada (ingliz, yahudiy va ikkitasi arab tilida) «Avraam kelishuvi»ni imzoladi.

BAA va Isroil Avraam shartnomasi doirasida munosabatlarni to‘liq yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishgan edi. Bu shartnomaga ko‘ra, Isroil Iordan daryosining G‘arbiy sohilini egallashni ortga surdi. Keyinchalik Bahrayn ham kelishuvga erishdi.

Falastin rahbariyati ushbu kelishuvlarga qat’iyan qarshi ekanligini, buni qoralashini e’lon qildi va ushbu qarorni «Quddus, Al-Aqso va Falastin ishiga xiyonat» deb atadi.

Shu paytga qadar faqat ikki arab davlati — Misr (1979 yildan) va Iordaniya (1994 yildan) Isroilni tan olgan edi.