Rossiya hukumati mamlakatga kirish qoidalarini o‘zgartirdi

Foto: «Gazeta.uz»

Yaqin qarindoshlari Rossiya fuqarosi bo‘lgan chet elliklar, soddalashtirilgan tartibda, mamlakatga bir yilgacha muddatga tashrif buyurishi uchun viza olishlari mumkin. Bu haqda 16 sentyabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi. Yaqin qarindoshlar sifatida Rossiya fuqarolarining turmush o‘rtoqlari, ota-onalari, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, bobo-buvilari, nabiralari belgilangan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, chet elliklar bir yilgacha amal qiladigan uzoq muddatli vizalarni olishlari uchun Rossiya fuqarosining yozma arizasi asosida amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, viza olish uchun har uch oyda chet el fukarolari mamlakat tashqarisiga chiqib qilishlari kerak bo‘lgan qoida bekor qilinadi. — TASS

Koronavirus infeksiyasi mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin

Foto: cctv.com

COVID-19 infeksiyasi, boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar singari, mavsumiy ko‘rinishga aylanishi mumkin. Yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis va virusologlarning ta’kidlashlaricha, koronavirusga qarshi vaksinatsiya grippga qarshi emlash kabi muntazam holda bo‘lishi mumkin. «Boshqa koronaviruslarda mavsumiylik noyabrdan aprelgacha davom etadi. Yangi koronavirus ham shunga o‘xshash mavsumiylikka ega bo‘lishi mumkin. Taxminan, koronavirus mavsumi odatda gripp mavsumiga to‘g‘ri keladi, ammo turli mamlakatlarda iqlim sharoiti sababli farqlanish bor», ― deydi mutaxassis. Bugungi kunda virusologlarni infeksiyaga qarshi emlashdan keyin immunitening davomiyligi qiziqtirmoqda. — TASS

Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 5 millionga yetdi

15 sentyabr kuni Hindistonda 90123 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Hozirda kasallanganlarning umumiy soni 5 milliondan oshdi. Mamlakatda hozirga qadar koronavirus asoratlaridan 82066 kishi vafot etdi. Hindiston COVID-19 kasalligining o‘sishi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda bo‘lib qolmoqda, bemorlarning umumiy soni bo‘yicha esa AQSHdan (6,6 million) keyingi o‘rinda turibdi. — RIA Novosti

Isroil BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni tiklash to‘g‘risidagi kelishuvlarni imzoladi

Foto: fb.com/DonaldTrump

Isroil 15 sentyabr kuni BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Marosim Vashingtonda Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp, birinchi xonim Melaniya Tramp va bir necha o‘nlab mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Hujjatlarni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, shuningdek, BAA va Bahrayn tashqi ishlar vazirlari Abdulla bin Zayd al-Naxayyan va Abdul Latif al-Zayyoni imzoladi. Hujjatlarning uch nusxasi — ivrit, arab va ingliz tillarida tayyorlangan. — Gazeta.uz

Suga Yosixide Yaponiyaning yangi bosh vaziri etib saylandi

Foto: Eugene Hoshiko / Bloomberg

Suga Yosixide 16 sentyabr kuni o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Yaponiya yangi bosh vaziri etib saylandi. Parlamentda 465 vakildan 314 nafari Suga Yosixidening nomzodini ma’qulladi. Xabarga ko‘ra, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Abe Sindzo hukumati 16 sentyabr kuni — hukumatning yangi rahbari Suga Yosixide inauguratsiyasidan oldin to‘liq tarkib bilan iste’foga chiqdi. Shu bilan birga, Abe Sindzo kabinetining aksariyat vazirlari o‘z lavozimlarini saqlab qolishlari ta’kidlandi. — Gazeta.uz

Apple qondagi kislorodni aniqluvchi Watch Series 6 qo‘l soatini namoyish etdi

Foto: apple.com

Apple kompaniyasi 15 sentyabrdagi taqdimotda Apple Watch Series 6, Aplle Watch SE, yangilangan iPad Air va iPad`ni namoyish etdi. Kompaniyaning yangi qo‘l soati, ya’ni Watch Series 6 foydalanuvchining chidamliligini va umumiy sog‘lig‘ini o‘lchaydigan funksiyalarga ega. Masalan, Watch Series 6 qondagi kislorod darajasini aniqlaydi va nazoratga oladi. Yangi A14 Bionic protsessoriga ega bo‘lgan iPad Air, kompaniya tomonidan «eng kuchli» qurilma deb baholandi. iPad Air usti kumush, yashil, och kulrang, pushti oltin va ko‘k osmon ranglarda ishlab chiqariladi. — Gazeta.uz