Yanvar-avgust oylarida respublika hududida 3596 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Shulardan 991 tasi o‘lim bilan bog‘liq va 2605 tasi tan jarohati bilan bog‘liq hodisalardir. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

2019 yilning xos davrida ushbu ko‘rsatkich bu yilgidan 12,6 foizga ko‘proq bo‘lgan, ya’ni 4116 tani tashkil etgan.

So‘nggi sakkiz oy ichida sodir etilgan YTHlarning 1528 tasi piyodalar, 619 tasi bolalar va 471 tasi velosipedchilar ishtirokida ro‘y bergan. Bundan tashqari, 198 ta holatda boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslar ishtirokida, 112 tasida litsenziyasiz taksilar ishtirokida va yana 108 holatda mototsikllar ishtirokida hodisalar sodir etilgan.

YTHlarning 48,9 foizi davlat ahamiyatidagi yo‘llarda, 28,2 foizi mahalliy yo‘llarda, 22,9 foizi halqaro yo‘llarda ro‘y bergan.

Ko‘pincha, ya’ni 28,4 foiz holatlarda YTH piyodaning belgilanmagan joydan kesib o‘tishga urinishi oqibatida kelib chiqqan. Shuningdek, 17,1 foiz holatlarda belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 13,1 foizida velosipedlarning yo‘lning qatnov qismida harakatlanishi, 9,3 foizida piyodalar o‘tish joyi bo‘lmagan yo‘lda haydovchi uni ko‘rmay qolishi, 7 foizida beton to‘siqlar yo‘q joyda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, 3,2 foizida haydovchining rulda uxlab qolishi va 2,5 foizida avtomobilni mast holda boshqarish hodisalarning sodir etilishga sabab bo‘lgan.

YTHlarning katta qismi (76,6 foizi) kun davomida ro‘y bergan. 23,4 foizi esa tun vaqtida sodir etilgan.