Moskvaning Presnenskiy sudi aktyor Mixail Yefremovni Sadovaya halqasidagi yo‘l-transport hodisasida vafot etgan haydovchining o‘limida aybdor deb topdi va 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Aktyorni sud zalida hibsga olishdi. Ungacha u uy qamog‘ida nazoratda bo‘lgan.

Sud, shuningdek, Yefremovga YTHda vafot etgan Sergey Zaxarovning katta o‘g‘li uchun 800 ming rubl miqdoridagi tovon pulini to‘lashini shart qilib qo‘ydi. Bundan tashqari, Yefremov uch yilgacha transportni boshqarish huquqidan mahrum etildi.

Jabrlanuvchi tomon sud qaroridan norozi emasligini bildirdi. Prokuratura Yefremov uchun 11 yillik umumiy rejimdagi koloniyada saqlash jazosi berilishini so‘radi.

Aktyor Mixail Yefremov kechki soat 8 iyun kuni o‘zining Jeep Grand Cherokee rusumli avtomobilini boshqarayotib, Moskvadagi Smolensk maydonidagi yo‘l chizig‘ini kesib o‘tgan va qarama-qarshi yo‘l qatnov qismiga o‘tib ketib, «Lada» yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Yuk mashinasi haydovchisi, internet-do‘kon kureri Sergey Zaxarov yopiq miya jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. U ertasi kuni olamdan o‘tgan.

Voqea joyidagi tibbiy tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, halokat paytida aktyor mast holatda bo‘lgan. Uning organizmida 1,05 yoki 1,25 promille alkogol aniqlangan. Keyinroq esa uning qonida narkotik moddalarning belgilari aniqlangan.