Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iyul oyida oltin sotish bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.

Mamlakat 11,6 tonna miqdorda oltin sotdi, shu bilan oltinning respublika eksportidagi ulushi 39,8 foizga yetdi.

Ikkinchi o‘rinni Mo‘g‘uliston (6,1 tonna) egalladi. Rossiya va Germaniya har biri 0,5 tonnadan eksport qilgan.

Xaridlar bo‘yicha, so‘nggi oylar singari, Turkiya birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. WGCning taxminlariga ko‘ra, Turkiya 19,4 tonna oltin xarid qilgan. Qatar «oltin zaxirasi» 3,1 tonnaga, Hindiston — 2,8 tonnaga, Qozog‘iston — 1,9 tonnaga, Ukraina — 0,3 tonnaga ko‘payganligi ma’lum qilindi.

Iyul oyida jahon bozorida bir gramm oltinning o‘rtacha narxi 58 dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda oltinning bozordagi narxi deyarli 62 dollarni tashkil etmoqda.

Avgust oyining boshida oltin unsiyasi (1 unsiya 28,35 grammga teng) narxi tarixiy rekord darajada ko‘tarilib, 2000 dollardan oshgan edi. O‘shanda kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgan edi.

Besh yil ichida O‘zbekistonda oltin eksporti o‘sib kelmoqda. Masalan, oltin eksporti 2015 yilda 823,9 mln dollarni, 2016 yilda 738,2 mln dollarni, 2017 yilda 1,6 mlrd dollarni, 2018 yilda esa 3,4 mlrd dollarni tashkil etdi.