Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi va uning raisi Baxtiyor Mirboboyevning vakolatlari muddati to‘g‘risidagi maqolalar yuzasidan Konstitutsiyaviy sud o‘zining rasmiy munosabatini bildirdi.

Unda qayd etilishicha, ushbu maqolalar «ko‘pchilikda noto‘g‘ri fikrlarni shakllantirmoqda». Konstitutsiyaviy sud bunday fikrlarga Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Shuhrat Polvonov to‘liq javob bergan bo‘lsada, yana ba’zi qo‘shimcha ma’lumotlarni berishni lozim deb hisoblashini bildirib o‘tdi.

Rasmiy munosabatga ko‘ra, hozirgi kunda Konstitutsiyaviy sudning tashkil etilishi va faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi» konstitutsiyaviy qonunga muvofiq tartibga solinadi.

Ushbu qonunning 6-moddasiga muvofiq «Ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas». Konstitutsiyaviy sudning ta’kidlashicha, bu qoida 2017 yil 1 iyundan boshlab saylangan sudyalarga nisbatan tatbiq qilinadi. Qonunga muvofiq sudyaning vakolat muddati besh yilni tashkil etadi.

Shu bilan birga, rasmiy munosabatda qonun qabul qilinguncha amal qilgan Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonunda sudyaning vakolatlari muddatiga nisbatan cheklov belgilanmagani ta’kidlanadi.

«Konstitutsiyaviy qonunda Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, yetmish yoshni tashkil etadi deb belgilangan. Qonunchilik texnikasiga muvofiq „qoida tariqasida“ degan tushuncha umumiy talab bo‘lib, ayrim paytda istisnoli holatlar bo‘lishi mumkinligini anglatadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, bayonotda Konstitutsiyaviy sud sudyasi va raisi saylanishi masalasiga to‘xtalib o‘tilgan.

«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi» qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud tarkibini shakllantirishda uchta sub’ekt ishtirok etadi. Ya’ni, Konstitutsiviy sud prezidentning taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan saylanadi. Sudyalarni saylashda nomzodning ma’naviy fazilatlari, hayotiy tajribasi, bilimi va salohiyati e’tiborga olinadi.

«Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida sudyalar orasidan saylanadi. Ya’ni, kim sudya, sud raisi yoki rais o‘rinbosari bo‘lib saylanishi bir yoki ikki kishining xohish-istagiga bog‘liq emas», — deya ta’kdilaydi Konstitutsiyaviy sud.

Rasmiy munosabatning xulosasi sifatida, Konstitutsiyaviy sudini tashkil etish va uning faoliyatida «qonun buzilishi holatlari mavjud emasligi» qayd etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Konstitutsiyaviy sudni mamlakatning Bosh qomusiga rioya qilmaslikda ayblagandi. Xususan, siyosatshunos Konstitutsiyaviy sudning raisi Baxtiyor Mirboboyev besh marotaba Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylangani (qonunga muvofiq ikki martadan ortiq mumkin emas) va u 75 yoshda bo‘la turib, Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi qoidani buzayotganini aytib o‘tgan.