4 sentyabr kuni Toshkentning Shayxontohur tumanida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi, shu jumladan ikki yashar qiz halok bo‘ldi va ikki kishi jarohatlandi, deya xabar berdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Taxminan soat 11.00 da Shayxontohur tumani Shofayiz ko‘chasida boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan Lacetti rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqarib borgan 18 yoshli Bekzod Yu. ikki nafar piyodalarni urib yuborgan va boshqaruvni yo‘qotib, qarama qarshi harakat yo‘liga o‘tib 51 yoshli Ma’rufjon K. boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

YTH natijasida piyodalar — 22 yoshli N.M. va uning ikki yoshli qizi N.K.lar tan jarohatlari sabab voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi. Avtomobil haydovchilari B. Yu. va M. K. tan jarohatlari olgan va shifoxonaga yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266 moddasi 3 qismi («Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.