Namangan viloyatida haydovchining boshqaruv vaqtida uxlab qolishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va yana 3 kishi tan jarohati olgan, deya xabar berdi IIV YHXBB Axborot xizmati.

4 sentyabr kuni soat 05:00 larda, Namangan viloyati, Pop tumani hududidan o‘tgan «Farg‘ona halqa yo‘li» yo‘lining 10-kilometrida haydovchi J.M. (1998 y.t.) Matiz rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruv vaqtida uxlab qolib, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan va qarshisida kelayotgan haydovchi I.O. (1987 y.t.) boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Natijada, Matiz rusumli avtomobil xaydovchisi J.M. hamda yo‘lovchisi 23 yoshli S.X. va Nexia rusumli avtomobil yo‘lovchilari 45 yoshli I.M., 39 yoshli R.G‘.lar og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etishgan. Nexia rusumli avtomobil xaydovchisi I.O. va yo‘lovchilari 23 yoshli Sh. S., 22 yoshli N.A.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Matiz rusumli avtomobil haydovchisi J.M. bir yil davomida 9 marotaba, Nexia rusumli avtomobil haydovchisi I.O. 1 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.