Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXB Yo‘l-patrul xizmati inspektori, katta serjant Salim Umarov Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi tomonidan urib yuborilganidan uch kun o‘tgach, jarohatlar sababli kasalxonada vafot etdi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

Toshkent ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, 1 sentyabr kuni soat 19:00 atrofida inspektor Toshkent shahar Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida navbatchilik qilgan. Grand Mir mehmonxonasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda u hujjatlarni tekshirish uchun Captiva avtomashinasini to‘xtatgan. Tekshiruvdan so‘ng haydovchiga hujjatlarni qaytarib bergan katta serjant mashina atrofidan o‘tib, yo‘l chetiga qarab yo‘l olgan.

Shu vaqtda Lacetti rusumli avtomobilini ishonchnoma asosida boshqarib borgan 19 yoshli Temurbek M. Mirobod ko‘chasidan chiqib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetida to‘xtab turgan Captiva avtomobiliga to‘qnashgach, inersiya tufayli harakatni davom ettirib, YPX xodimini urib yuborgan.

Inspektor Salim Umarov jarohat olib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. U bugun, 4 sentyabr kuni ertalab soat 7:00 da vafot etdi.

To‘qnashuv bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rilishi uchun prokuraturaga yo‘naltiriladi. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi inspektorning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, uning uch voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan oilasiga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.