Birlashgan Arab Amirliklari Isroilga qarshi boykotning bekor qilinganligini e’lon qildi, deya xabar berdi Reuters.

Cheklovlar BAA Prezidenti shayx Muhammad bin Zaid Al-Naxayyan tomonidan boykot va uni buzganlarga qarshi jazolar qo‘llash haqidagi 1972 yilgi dekret bekor qilinganidan so‘ng olib tashlandi. Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, ushbu chora «ikki tomonlama munosabatlarni o‘rnatish va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida» amalga oshirildi.

Boykotning bekor qilinishi BAA kompaniyalariga ham, jismoniy shaxslariga ham isroillik hamkasblari bilan birga ishlash imkoniyatini beradi.

Avvalroq Isroil va BAA rasmiylari AQSH vositachiligida munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Bitim shartlariga ko‘ra, Isroil o‘z suverenitetini G‘arbiy Sohil hududiga yetkazish to‘g‘risidagi qarorni vaqtincha keyinga qoldiradi. Shartnomaning rasmiy imzolanishidan oldin tomonlar muzokaralar olib borishlari va elchixonalarni ochishlari, shuningdek savdo va sayyohlik aloqalarini muhokama qilishlari kerak.

BAA Isroil bilan to‘liq diplomatik aloqalarni o‘rnatgan uchinchi arab mamlakati bo‘ldi. Avvalroq, Misr va Iordaniya Isroil bilan tinchlik bitimiga erishgan edilar.