28 avgust kuni Koson tumanidan o‘tuvchi 4K-339 yo‘lida Damas va «Kamaz» yuk avtomashinasi ishtirokidagi yo‘l transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etdi va ikki kishi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 28 avgust kuni soat 15:15 larda, Qashqadaryo viloyati, Koson tumani hududidan o‘tgan 4K-339 «Qarshi aylanma yo‘lining» 6-kilometrida haydovchi 2000 yilda tug‘ilgan N.Sh. «Damas» rusumli avtomobilni «Obdida-Xo‘jaqo‘rg‘on» ko‘chalari kesishgan chorrahada, ikkinchi darajali yo‘ldan boshqarib kelib, asosiy yo‘ldan harakatlanib kelgan haydovchi 1991 yilda tug‘ilgan B.U. boshqaruvidagi «Kamaz-5320» rusumli yuk avtomobilini o‘tkazib yubormasdan, o‘ng tomon oldi qismiga borib urilib, YTH sodir etgan.


Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Buning natijasida «Damas» avtomobili haydovchisi 20 yoshli N.Sh. voqea joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchisi 18 yoshli A.J. shifoxonada vafot etgan. «Kamaz» yuk avtomobili haydovchisi 29 yoshli B.U. va yo‘lovchisi 18 yoshli A.O.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

«Mazkur holat yuzasidan Koson tumani IIB huzuridagi TB tomonidan hodisa sodir bo‘lgan kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi „a“ bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati