Vladimir Putin Rossiya-1 telekanaliga bergan intervyusida Aleksandr Lukashenkoning iltimosiga ko‘ra, Belarusga yordam berish uchun harbiy kuch zaxirasini shakllantirganini aytdi, deya xabar berdi TJ.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kuchlarini hozircha Belarusda ishlatishga hojat yo‘q.

Rossiya prezidenti Rossiya kuchlari «Belarusdagi ekstremistik elementlar chegaralarni kesib o‘tib, qaroqchilikni boshlamaguncha» qo‘shimcha kuchlar ishlatilmasligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Belarusdagi barcha muammolar tinch yo‘l bilan hal qilinishidan kelib chiqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga Moskva ham, Minsk ham rozi.

Putin boshqa davlatlarning Belarusdagi vaziyatga munosabati haqida ham izoh berdi. «Bilasizmi, mening fikrimcha, biz Belarusdagi voqealarga boshqa ko‘plab Yevropa va Amerika davlatlariga qaraganda ancha vazminlik bilan va betaraf bo‘lib yondashmoqdamiz. Ammo biz, albatta, u yerda sodir bo‘layotgan narsalarga befarq emasmiz», — dedi u.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Belarus xavfsizlik kuchlari norozilik namoyishlarini tarqatishda o‘zini «ancha bosiq» tutishgan. U boshqa mamlakatlarda nimalar yuz berayotganiga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda prezidentlik saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, yirik shaharlarda norozilik namoyishlari boshlangan edi. 16 avgust kuni esa Minskda mamlakat tarixidagi eng yirik namoyish bo‘lib o‘tdi. Belarusda namoyishlar hali ham davom etmoqda.