Jizzax viloyatida qopqonga tushgan ayiq qutqarildi, deya xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasining matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, 26 avgust kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi Uzunbuloq bo‘limi Kattasoy aylanmasi hududida noma’lum fuqarolar tomonidan qo‘yilgan qopqonga O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ayiq tushganligi ma’lum bo‘ldi.

Mahalliy aholi tomonidan ushbu holat yuzasidan murojaat kelib tushgach, tegishli idoralar — Davlat ekologiya qo‘mitasi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi hamda Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari bayon etilgan manzilga yetib borgan.

Ta’kidlanishicha, hozirda ayiqni qutqarish va davolash muolaja ishlari olib borilmoqda.