Taniqli o‘zbekistonlik tadbirkor Bobir Akilxanov Forbes Technology Council (Forbes jurnalining texnologiya bo‘yicha kengashi) tarkibiga kirdi. Bu haqda tadbirkor o‘ziing Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Illinoys va Nyu-Meksiko shtatlaridan o‘zining ikkinchi biznes shartnomasini (Missed.com va Jafton.com loyihalari uchun) olganidan so‘ng Bobir Akilxanov Forbes tomonidan Forbes Tech Councilga a’zo bo‘lgan birinchi o‘zbek sifatida nomzod etib ko‘rsatilganini aytib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Forbes Tech Council bu eng yaxshi IT-mutahasisslar kengashidir, unga faqat Forbes ning taklifiga binoan a’zo bo‘lish mumkin. FTC ning har bir a’zosiga o‘zlarining Forbes.com sahifasi va unda o‘z maqolalarini nashr etish imkoniyati beriladi.

«Men yigirma yillik IT sohadagi tajribamni Forbes global auditoriyasi bilan baham ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Men qanday qilib biz texnologik kompaniya sifatida tarixdagi eng katta inqirozlarni boshdan kechirganimiz va qanday qilib qiyin paytlarda o‘z o‘rnimizni topishimiz va moslashuvchan yondashuv orqali biznes sifatida omon qolishimiz va yanada kuchliroq bo‘lishimiz haqida maqolalarni nashr qilaman», — dedi Bobir Akilxanov.

Shu o‘rinda tadbirkor o‘zining xabarida mushtariylaridan IT sohaga doir qaysi mavzularni o‘z maqolalarida qamrab olishi kerakligini so‘rab o‘tdi.

Bobir Akilxanov — Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro maktab bitiruvchisi va Charles Sturt University (Avstraliya) IT soha bo‘yicha bakalavri. U Billur.com xosting kompaniyasi asoschilaridan biri, Plov.com investori, KupiOtpusk va Blockcrunch Capital xolding kompaniyalarining asoschisidir.