Toshkentning Yunusobod tumanida mashina urib yuborgan ikki yoshli bola 24 avgust kuni kechqurun shifoxonada olamdan o‘tdi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Eslatib o‘tamiz, hodisa dushanba kuni taxminan 01:10 larda Yunusota ko‘chasida sodir bo‘lgan edi. 31 yoshli Cobalt haydovchisi Toxirxo‘ja A. nazorat qilinmaydigan piyodalar o‘tish yo‘lidan onasi bilan o‘tayotgan bolani urib yuborgan. YTHga haydovchining mast holatda bo‘lgani va piyodani ko‘rmay qolgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Qayd etilishicha, Toxirxo‘ja A. — sobiq IIBB xodimi 20 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

Bolaning o‘limidan so‘ng jinoiy ish 266-moddaning 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan qayta malakalandi.

Xuddi shu kuni ayblanuvchi qo‘lga olingan. Unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sud majlisi bugun, 25 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.