Jizzaxda avtobus va yuk avtomashinasi to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi voqea joyida vafot etdi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

YTH 25 avgust kuni soat 14:32 larda, Jizzax viloyati hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega M39 «Termiz-Toshkent» avtomobil yo‘lining 965-kilometrida sodir bo‘ldi. Haydovchi M.R. (1983 y.t.) Zhongtong Bus rusumli avtobusni boshqarib ketayotib, o‘zidan oldinda ketayotgan haydovchi, X.A. (1979 y.t.) boshqaruvidagi Isuzu rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga urilgan.

Natijada, Isuzu rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonidagi beton to‘siqqa urilishi oqibatida ag‘darilgan. Ag‘darilish natijasida, ushbu avtomashina haydovchisi 41 yoshli X.A. va avtomashina salonida bo‘lgan yo‘lovchi 17 yoshli A.N. og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.

Mazkur YTH yuzasidan Paxtakor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.